Asosiy mazmunga o‘tish
Qidiruv

Farg‘ona shahridagi Prezident maktabida 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan “Savodxonlik – millat ko‘zgusi” shiori ostida keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — o‘quvchi-yoshlar qalbida ona tiliga bo‘lgan cheksiz hurmat va ehtirom tuyg‘ularini mustahkamlash, ularning og‘zaki va yozma nutq madaniyatini yuksaltirish, savodxonlik darajasini oshirish hamda davlat tilining jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini keng targ‘ib etishdan iborat bo‘ldi.

Dastur doirasida o‘quvchilarning o‘zbek tili grammatikasi, to‘g‘ri imlo va notiqlik mahoratiga oid bilimlarini boyituvchi interaktiv mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Shuningdek, maktab pedagoglari hamda xodimlari ishtirokida ommaviy diktant yozish tashabbusi yo‘lga qo‘yildi. Unda adabiy til me’yorlariga amal qilish, qoidalarga qat’iy rioya etgan holda savodli yozish hamda fikrlarni mantiqiy va izchil bayon etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Bunday ma’rifiy tashabbuslar yosh avlodni ona tilimizning boy imkoniyatlaridan to‘g‘ri va unumli foydalanishga undab, ularda milliy o‘zlikni anglash tuyg‘usini yanada yuksaltiradi.

Oxirgi yangilangan: 19.10.2026 12:01

Bizni ijtimoiy tarmoqlardan kuzating:

17/10/2026

51